Birinchi marta Korzinkaga 2012-yilda qadam bosganman. O‘sha vaqtda men endigina iqtisodiyot litseyini tamomlab, mustaqil hayot uchun pul ishlab topish ilinjida yurgan edim. Do‘stlarimdan biri Korzinkaga ishga kirishni maslahat berdi. Do‘stimning aytishicha u yerda ish – doimiy, yaxshi oylik ish haqi va ovqat bilan ta’minlashadi. Tez orada men suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tib, ilk ish tajribamni Korzinka Qoratosh supermarketida boshladim.

Birinchi ish kunidanoq vazifalarimga astoydil kirishib, shu qadar sho‘ng‘ib ketdim-ki, kunlarning shiddat ila o‘tib borayotgani menga aslo sezilmasdi ham. Kun sayin yangi bilimlar tomon intilib boraverardim, qancha ko‘p narsalarni o‘rgansam, qiziqishim shu qadar oshib boraverardi. Korzinkadagi butun ish faoliyatim davrida turli supermarketlarda: Qoratosh, Chilonzor, Buxoro-1, -2, Olmaliq, Uchtepa supermarketlarida ishlab, malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Menga mijozlarga tavsiya berish, mahsulotlarning o‘ziga xos jihatlari to‘g‘risida aytib berish zavq bag‘ishlardi. Asosiy ish tajribamni sut va kolbasa mahsulotlari bo‘limida oldim, aynan shu yerda mijozlarimiz bilan o‘zaro aloqa o‘rnatdik.

Shu yo‘sinda mehnat qilish bilan birga, o‘zimning kasbiy darajamni oshirish, o‘zim uchun yangi bo‘lgan bo‘lim va mutaxassisliklarni o‘rganishga kirishish lozim degan qarorga keldim. Buning uchun foydali adabiyotlarni izlab, ichki treninglarda ishtirok eta boshladim. Mavzuga oid sahifalarni izlash, yangi texnologiya va amaliy mashg‘ulotlarga astoydil kirishib ketdim. Olgan yangi bilimlarim menda shu qadar qiziqish uyg‘otdiki, tez orada Toshkent kimyo-texnologiya institutining “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi” yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Ishda meni doim qo‘llab-quvvatlashdi. Hamkasblarim ishda yordam berishdi, rahbariyat esa o‘qishim uchun barcha kerakli sharoitlarni yaratib berdi, jumladan qulay ish jadvalida ishlashga ruxsat berishdi. O‘shanda men kasbiy birdamlik nima ekanligini, sizga ruhan yaqin insonlar doim yoningizda bo‘lib, ko‘maklashishlarini chindan his qildim. Mening harakatlarim va intilishim ishda ham e’tiborsiz qolmadi va menga supervayzer bo‘lishni taklif qilishdi. Shuningdek, men yaqinda “SuperStart” loyihasida ishtirok etib, tezlashtirilgan o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdim. Yillar davomida to‘plagan tajribam va intilishlarim o‘z mevasini berdi! Murabbiylarim tavsiyasiga ko‘ra meni Korzinka Nazarbek supermarketiga menedjer lavozimiga saylashdi!

Barchaga murojaat qilib shuni aytmoqchimanki, agar siz chindan o‘z ishingizni yaxshi ko‘rsangiz, har kuni kichik, ammo shaxdam qadamlar bilan maqsadingiz tomon intilib boraversangiz, albatta ko‘zlangan maqsadga erishasiz!