Xodim va ish beruvchining kuchli ittifoqi haqida hikoya.

1996-yil edi. Men moliya texnikumining soʻnggi bosqich talabasi boʻlib, oilamga yordam berish uchun imkon qadar tezroq ish boshlash niyatida edim. Men Darxonda joylashgan oʻsha paytlarda koʻpchilik uchun notanish “Anglesey Food” doʻkoniga ishga kirdim. Bu Toshkentdagi birinchi supermarketlardan biri edi. Birinchi kunimni eslayman: toʻq sariq rangli koʻylak kiygan yosh qiz ishga keldi, hamma xodimlar oʻtadigan kirish joyida butun rahbariyat turar edi, meni qoʻrquv bosdi. Oʻsha kuni xodimlardan biri men bilan tanishgandan soʻng hazillashib: “bir kuni sen turmush oʻrtogʻim boʻlasan” dedi. Bu soʻzlarni eshitish menga juda gʻalati tuyuldi, lekin oxir-oqibatda ular bashoratli boʻlib chiqdi.

Chakana savdoda ish boshlashni baxtli tasodif deb atash mumkin. Ushbu ish tufayli men nafaqat kasbiy jihatdan oʻsib, xizmat boʻyicha koʻtarilishga, balki oʻz oilamni yaratishga ham muvaffaq boʻldim. Bu yerda men boʻlgʻusi turmush oʻrtogʻim bilan tanishdim, u kishi hozir ham korzinka.uz tarmogʻida ishlaydilar.

Men oʻz ishimni parfyumeriya boʻlimida maslahatchi-sotuvchi sifatida boshladim. Dastlabki davrda menga oson boʻlmadi. Axborot oqimi nihoyatda katta edi, ammo vaqt oʻtishi bilan men ishga tortilib, undan zavqlana boshladim. Menga doʻkondagi har bir mahsulot, har bir ikir-chikir, har bir jarayon yoqar edi – hech narsani koʻzdan qochirmaslikka harakat qilardim. Bizning jamoamiz ajoyib, yosh va orzu-havasli boʻlib, uning yordamida men oʻz kasbimni puxta egallash bilan birga ishimni tobora koʻproq seva boshladim. Rahbarlar bizga hurmat bilan qarashardi, muloqot qilish oson va joʻn edi, biz bir oilaga oʻxshardik deyish mumkin.

Men kompaniya xizmat boʻyicha koʻtarilish uchun ajoyib imkoniyatlarni taqdim etayotganini va ushbu biznes kelgusida yuqori darajada oʻsishini koʻrdim. Koʻp yillik ish tajribam davomida turli lavozimlarda ishlashga muvaffaq boʻldim: sotuvchi, kassir, mijozlar va yetkazib beruvchilar bilan ishlash boʻyicha mutaxassis boʻlib ishladim, keyinchalik HR boʻlimida menejer, oʻquv markazi mutaxassisi vazifalarida ishlashga oʻtdim. Hozirda men imtiyozlar boʻyicha mutaxassis boʻlib ishlayman, menga shuningdek muhim vazifa – kompaniyaning xayriya loyihalarini nazorat qilish ishonib topshirilgan.

Moliya sohasida taʼlim olganimga qaramay, men allaqachon savdo-sotiq sohasi, insonlar bilan muloqot qilish men xohlagan ish ekanligini tushunib yetganman. Mening “Korzinkam” qanday oʻsgani va oʻsishda davom etayotganini, u bilan birga qanday oʻsganimni koʻryapman. Shu vaqt ichida birga erishgan gʻalabalarimiz va kashfiyotlarimizni anglash juda ajoyib. Bugun men faxr bilan aytishim mumkinki, Korzinka mening ikkinchi oilamga aylandi.

Men bundan 25 yil oldin roʻy bergan, Anglesey Food  ostonasini bosib oʻtishimga, hamda menimcha inson uchun eng qadrli boʻlgan narsalarni – oila, doʻstlar va sevimli ishni topishimga sababchi boʻlgan tasodifni juda qadrlayman. Korzinkada oʻzgarishlarga tayyor, qiyinchiliklarga duch kelishdan qoʻrqmaydigan va befarq boʻlmagan kishilar mehnat qiladi. Bugun biz – sergʻayrat mutaxassislarning katta jamoasimiz, oyoqda mustahkam turibmiz, birgalikda katta va yuqori maqsadlarga ega rejalarni tuzyapmiz.