Do‘stlar, bugun biz siz bilan Chilonzor do‘koni supervayzeri Sergey Antovning ruhlantiruvchi tarixi bilan bo‘lishamiz. U bizga o‘zining uzoq 2013 yilda boshlangan faoliyati va mansab pillapoyalaridan ko‘tarilib borgan yo‘li haqida gapirib berdi. Sergey savdo-sotiq sohasiga sotuv ishlarida deyarli hech qanday tajribaga ega bo‘lmagan holda keldi, lekin o‘zining maqsadga intiluvchanligi va komandasining qo‘llab-quvvatlashi tufayli stajerdan supervayzergacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘ta oldi. Bugun esa uning tug‘ilgan kuni va biz uni chin yurakdan tabriklaymiz!

2013 yilning may oyi kunlaridan birida men do‘stim Abdulaziz bilan uchrashish uchun Toshkent shahriga keldim. Kun juda issiq edi, biz suv sotib olish va bir oz salqinlash uchun Aeroport korzinkasiga kirishga qaror qildik. Supermarketdagi holat menda bir qarashning o‘zidayoq kuchli taassurot qoldirdi. Taxminan bizning yoshimizdagi yoshlar bemalol ishlashar va xaridorlarga iltifot bilan xizmat ko‘rsatishar edi. Do‘konda, ko‘chadagi jazirama issiqqa qaramay, salqin va osoyishta edi. Tashrif buyuruvchilar bu yerdagi servis va shopping muhitidan mamnun ekanliklar ko‘rinib turar edi.
O‘sha paytda men ish qidirib yurardim va tezroq o‘z pullarimni ishlab topishni boshlashni xohlar edim. «Korzinka»ga kirib qolishim esa bu ishtiyoqni yanada kuchaytirdi va bu yo‘lda tezroq qadam tashlashga undadi. Shu kunning o‘zidayoq biz supermarket xodimlaridan suhbatdan qanday o‘tilishini so‘rab bilib oldik. Keyingi kuni esa biz do‘stim bilan bosh ofisga yo‘l oldik. Suhbat vaqtida bizning baliqchilik sohasi yaxshi rivojlangan Chinozdan ekanligimizni bilib, malakalarimizni tekshirib bizga baliqni tozalash va uni bo‘laklarga bo‘lish bo‘yicha mutaxassislar bilan ishlashni taklif etishdi. Biz uzoq o‘ylab o‘tirmay darhol rozi bo‘ldik.
Roppa-rosa 5 kundan keyin mening Korzinkadagi faoliyatim Turkman bozoridagi do‘konda boshlandi. U vaqtda do‘konga Konovalov Valeriy Petrovich – eng tajribali do‘kon mudirlaridan biri rahbarlik qilar edi. U menga bir oz riteyl va ish jarayonlari haqida gapirib berdi, meni murabbiyim bilan tanishtirdi, u meni zo‘r ishtiyoq bilan zarur malakalarga o‘rgatishni boshladi. Birmuncha vaqtdan so‘ng men razryad olishga muvaffaq bo‘ldim, so‘ngra meni Azimova do‘koniga o‘tkazishdi. U yerda men o‘z malakalarimni yanada takomillashtirishda davom etdim, o‘z ustimda ishlashni o‘rgandim va ishladim. Bunda menga murabbiylarim, ulardan esa juda omadim kelgandi, katta ko‘mak berishdi.
2014 yilda meni men uchun ancha qulay bo‘lgan Sirg‘ali do‘koniga o‘tkazishdi, u vaqtga kelib men ancha tajribali mutaxassis edim. Men bor kuchim bilan ishlashga va barcha ishni zavq bilan bajarishga harakat qilar edim. Natijada mening o‘zim ko‘plab ishga yangi kelganlar uchun murabbiylik qila boshladim.
Do‘kon direktori Begnayev Ilhom aka mening qiziqishlarim, odamlar bilan muomala qilishni bilishimni ko‘rib menga boshqa bo‘limlarning ishini ham o‘zlashtirishni taklif etdi. Shu tariqa men sekin-asta savdo zaliga chiqa boshladim, tovarlar assortimenti va ularni joylashtirishni o‘rgandim. Bu men uchun yangi undov, da’vat edi. Men qunt va tirishqoqlik bilan, qadam-baqadam katta supermarketning har bir bo‘limi ishini o‘rgandim.
Menga katta rag‘bat bergan yorqin va kuchli hodisalardan biri 2015 yil dekabrda yuz berdi – meni va bir nechta hamkasbimni Oyning eng yaxshi sotuvchisi unvoni bilan taqdirlashdi va bor-yo‘g‘i bir necha donada ishlab chiqarilgan nomimiz ko‘rsatilgan esdalik sovg‘a berishdi. U hozirgacha uyimizda saqlanadi, u meni ruhlantiradi va biz birga ish boshlagan va mansab pillapoyalaridan birga ko‘tarilib borgan juda zo‘r va inoq komandamiz haqida yaxshi xotira sifatida xizmat qiladi.
Shunday bo‘ldiki, Sirg‘ali do‘konida eng tajribali murabbiylar va o‘z ishining shunchaki katta mutaxassislaridan iborat bo‘lgan haqiqatan ham yulduzli komanda to‘plangan edi. Men kim bilan birga ishlagan bo‘lsam, ularning har biri mening rivojlanishimda o‘zining beqiyos katta hissasini qo‘shgan. Ular orasida: Nigmatov Otabek, Raxmatov Obidjon, Karimov Alisher va boshqalar bor. Ular ham xuddi men kabi o‘sdilar va tajriba orttirdilar va hozir yanada yuqoriroq lavozimlarda faoliyat olib bormoqdalar.
2017 yil noyabrda menga shu Sirg‘ali marketining o‘zida supervayzer lavozimini – men uchun birinchi rahbarlik lavozimini taklif etishdi. U vaqtda do‘konga Karimov Alisher rahbarlik qilar edi, men undan rahbarlik malakalarini, nostandart vaziyatlarni hal qilishni o‘rgandim. Men undan yana qarorlar qabul qilishda mustaqillikni, e’tirozlar (shikoyatlar) bilan ishlashni, masalalarni hal qilishga kreativ yondashuvni o‘rgandim va buning uchun undan juda minnatdorligimni bildiraman.
Men yanada katta muvaffaqiyatlarga erishish uchun oliy ma’lumot kerakligini yaxshi tushunar edim, shuning uchun men universitetga kirdim va hozirda o‘qishimni davom ettirayapman, o‘qish xarajatlarini esa mening kompaniyam to‘lab berdi. Bugun men tarmoqdagi eng katta do‘kon – Chilonzorning supervayzeriman.
Bu ishimda men nafaqat o‘zimni chakana savdo sohasida mutaxassis sifatida kashf etdim, balki yana o‘zimning ikkinchi yarmimni ham topdim. Shu yerda, do‘konda tasodifan, lekin taqdir taqazosi bilan men o‘zimning bo‘lajak rafiqamni – o‘sha vaqtda kassada ishlagan Olgani uchratdim. Biz mustahkam oila qurishga erishdik, bizning ikki nafar farzandimiz bor va biz baxtlimiz.
Bugungi kunda men hech ikkilanmasdan o‘zimni baxtli inson deya olaman, axir mening: go‘zal oilam, ajoyib bolalarim, sevimli ishim va xodimlarimiz orasida ko‘plab do‘stlarim bor, men ular bilan birga o‘sish va rivojlanishda davom etayapman. Men o‘z intilishlarim va sevimli kompaniyamdagi ishim tufayli ko‘p narsaga erishdim.
Kompaniyamizda ishlayotgan yoki kompaniyamizga kelishni istayotgan har bir odamga shuni aytmoqchimanki, u o‘zi xohlagan va intilgan darajaga albatta yetishi mumkin. Asosiysi – muvaffaqiyat o‘z-o‘zidan kelmasligini, sizning o‘zingiz unga yetishishingiz kerakligini tushunish!