Qanday qilib 10 yil ichida korzinka.uz tarmogʻining tijorat direktori boʻlib yetishdim.

Men tadbirkor va oʻqituvchi oilasida tugʻilganman. Menga onamdan yuqori matematik qobiliyatlar oʻtgan, shuning uchun yetti yoshimdan boshlab otamga bozor ishlarida yordam berganman. Oʻsha vaqtlarda menda biznes va moliya sohasiga qiziqish uygʻongan. Talabalik yillarida men anjumanlarda qatnashganman, chet elda boʻlganman va doimiy ravishda bozorimizni chet el bozorlari bilan taqqoslaganman.

2010-yilda ish izlay boshlagan paytimda bozorda kelajagi porloq boʻlgan bir necha soha va yoʻnalishlar mavjud edi. Ushbu yoʻnalishlardan biri zamonaviy chakana savdo edi. Men Oʻzbekiston va AQSHdagi chakana savdo oʻrtasidagi farqni koʻrib, mamlakatimizda ushbu soha faqat rivojlanib borishini anglar edim. Ammo mening umidlarimga mos keluvchi yagona oʻzbek kompaniyasi korzinka.uz tarmogʻi edi. Shuning uchun men 2010-yil avgust oyida shu jamoaga qoʻshildim.

Oʻsha paytda kompaniyaning oltita doʻkoni bor edi. Bugungi kunda esa u Oʻzbekistondagi eng yirik kompaniyalardan biriga aylangan.

Kompaniyadagi birinchi lavozimim kichik buxgalter yordamchisi boʻlib, men maʼlumotlarni solishtirish bilan shugʻullanardim. Bir yildan soʻng meni loyihalardan biriga menejer lavozimiga oʻtkazishdi. Soʻngra men taʼminot boʻlimida, marketing boʻlimida ishladim, va shu yerda rahbar boʻlib yetishdim. Shundan soʻng toifaviy menejment boʻlimi rahbari lavozimini egalladim. 2020-yilda esa men tarmoqning tijorat direktori etib tayinlandim.

Oʻtgan davr mobaynida kompaniyada koʻplab innovatsion yutuqlar joriy qilindi. Biz Oʻzbekistonda birinchi boʻlib butun dunyoda qoʻllaniladigan ilgʻor SAP ERP va BW tizimlarini ishga tushirdik. Shuningdek, sheriklar bilan hamkorlik qilishning samarali shartlarini ishlab chiqdik. Biz toifaviy menejmentning alohida yoʻnalishini yaratib, ushbu yoʻnalish doirasida jamoa bilan birgalikda aqlli narx belgilash va toʻgʻri mahsulot merchendayzing tizimini joriy qildik.

10 yil oldin shahar markazida joylashgan kichkina shinam ofisimizda 20 kishi ishlar edi. Hozir esa xodimlarimizning soni 300 dan ortiq. Oʻz tajribamga tayanib, shuni aytishim mumkinki, kompaniyada oʻsish uchun hech qanday cheklovlar yoʻq. Odatiy aniq qoidalar mavjud: gʻayrat bilan ishlaysan, natijalarga erishasan va oʻsasan.

Men doim oʻz oldimga yuqori maqsadlarni qoʻyganman, yangi gʻoyalarni, koʻlamni kengaytirish imkoniyatlarini, masalalarni hal qilish yoʻllarini izlaganman. Kompaniya menejerlarining mavjud resurslarni mohirona taqsimlay olishi va natijalarga erisha bilishi meni qoyil qoldirar edi. Shuning uchun men ham rahbar sifatida rivojlanishga qaror qildim.

Mening doimiy ravishda oʻqish bilan shugʻullanganim bunga yordam berdi. Oʻzbekistondagi kompaniyamiz har doim yetakchi va innovator boʻlib kelgan va ushbu darajani saqlab turish uchun muntazam rivojlanish, yangi narsalarni sinab koʻrish, jahon tajribasini oʻrganish talab qilinadi. Men hech qachon javobgarlikni oʻz zimmamga olishdan qoʻrqmaganman. Maqsadga erishish uchun jamoamga qanday resurslar, vakolatlar va bilimlar kerakligini aniq tushunar edim. Men uchun shuningdek rahbarlarning bildirayotgan ishonchi ham qadrli. Bu mening katta qadamlar bilan oldinga intilib, ularning umidlarini oqlay olishimga sabab boʻldi.

Men 2010-yilda toʻgʻri tanlov qildim deb oʻylayman. Men juda katta tajribaga ega boʻldim, eng yaxshi ustozlar – oʻz sohasining afsonaviy ustalari bilan ishladim. Menga bozor yetakchisi bilan birga harakat qilish, kompaniya yutuqlariga daxldor boʻlish yoqadi. Bu yerda ishlaganimdan xursandman, oʻzim va jamoamiz erishgan natijalardan juda mamnunman.

Bugun men korzinka.uz doʻkonlar tarmogʻining tijorat direktori, iqtisod fanlari doktoriman. Men ilm-fan bilan shugʻullanishni yaxshi koʻraman, shuning uchun asosiy ishimdan tashqari, universitetda ham dars berish bilan mashgʻulman.